Kontent qismiga oʻtish

Talab qonuni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Talab egri chizigʻi (koʻk rangda) chapdan oʻngga pastga qarab ogʻib boradi, chunki narx va talab miqdori oʻrtasida teskari bogʻliq mavjud. Bu bogʻliqlik maʼlum shartlar oʻzgarmas boʻlishiga bogʻliq. Taklif egri chizigʻi (qizil rangda) narx (Pe) = 80 va miqdor (Qe) = 120 boʻlganda talab egri chizigʻi bilan kesishadi. Pe = 80 bu muvozanat narx boʻlib, talab qilingan miqdor taklif qilingan miqdorga teng boʻladi. Xuddi shunga oʻxshab, Qe = 120 bu muvozanat miqdori boʻlib, ushbu miqdor muvozanat narxida talab va taklif tenglashgan holatni ifodalaydi. Shuning uchun talab va taklif egri chiziqlarining kesishishi iqtisodiyotda tovarlarni samarali taqsimlanayotganini ifodalaydi.

Talab qonuni — bu mikroiqtisodiyotdagi asosiy tamoyil boʻlib, narx va talab miqdori oʻrtasida teskari bogʻliqlik mavjudligini taʼkidlaydi. Boshqacha aytganda, "boshqa barcha omillar oʻzgarmas deb faraz qilinganda, tovar narxi oshsa (↑), talab qilingan miqdor kamayadi (↓); aksincha, tovar narxi pasayganda (↓), talab miqdori oshadi (↑)[1]. Marshall Alfred buni quyidagicha ifodalagan: „Agar biz biror shaxsning muayyan tovarga boʻlgan talabi oshdi desak, bu uning avvalgiga qaraganda aynan shu narxda undan koʻproq sotib olishini, hamda yuqoriroq narxda ham kamida avvalgidek miqdorda xarid qilishga tayyor ekanini anglatadi“[2]. Biroq, talab qonuni faqat sifat jihatdan xulosa beradi, yaʼni u talab miqdorining qaysi yoʻnalishda oʻzgarishini koʻrsatadi, biroq bu oʻzgarishning qanchalik katta yoki kichik boʻlishini aniqlab bermaydi. Talab qonuni talab egri chizig‘i deb ataladigan grafik bilan ifodalanadi, bunda x oʻqida talab miqdori va y oʻqida narx koʻrsatiladi. Talab qonuniga koʻra, talab egri chiziqlari taʼrifan pastga ogʻib boradi. Talab qonuni, shuningdek, iqtisodiyotda resurslarning samarali taqsimlanishini muvozanatli narx va miqdor orqali aniqlash uchun taklif qonuni bilan birgalikda ishlaydi.

Umumiy koʻrinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqtisodchi Alfred Marshall talab qonunining grafik tasvirini ishlab chiqqan[2].Ushbu grafik tasvir hozirgi kunda ham iqtisodiyotdagi turli tushunchalar va nazariyalarni aniqlash hamda tushuntirishda qoʻllaniladi. Talab qonunining oddiy izohi quyidagicha: barcha omillar oʻzgarmas boʻlgan sharoitda, narx yuqori boʻlsa, isteʼmolchilar tovarning kamroq miqdorini talab qiladilar va aksincha. Talab qonuni narxlarni belgilash, davlat siyosatini shakllantirish kabi vaziyatlarida qoʻllaniladi. Talab qonuni taklif qonuni bilan birgalikda muvozanat narxi va muvozanat miqdorini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, talab va taklif qonuni nima uchun tovarlar maʼlum narx darajasida baholanishi va sotilishini tushuntiradi. Shuningdek, ular bizga arzon deb hisoblangan tovar yoki aktivlarni sotib olish (yoki qimmat sotish) imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi[3]. Talab deganda talab egri chizigʻi tushuniladi. Talabning oʻzgarishi talab egri chizigʻining siljishi bilan ifodalanadi. Talab qilingan miqdor esa talab egri chizigʻining maʼlum bir nuqtasiga tegishli boʻlib, u maʼlum bir narxga mos keladi. Shunday qilib, talab miqdorining oʻzgarishi mavjud talab egri chizigʻi boʻylab harakatni anglatadi. Biroq talab qonunidan baʼzi istisnolar ham mavjud. Masalan, non narxi oshsa, unga boʻlgan talab kamaymaydi. Talab qonunidan istisnolar odatda Giffen tovarlari va Veblen tovarlariga mos keladi, bu quyida batafsil tushuntiriladi.

Talab qonuni birinchi marta Charlz Davenant (1656-1714) oʻzining „Savdo muvozanatida odamlarni foyda oluvchi qilishning ehtimoliy usullari“ (1699) inshosida bayon etilgan[4]. Biroq, Gregori King (1648-1712) talab qonunini namoyish etganida, uni tushunish va undan foydalanish holatlari ancha oldin sodir boʻlgan. U bugʻdoy narxi va hosil oʻrtasidagi bogʻliqlikni ifodalagan, bunda natijalar agar hosil 50 foizga pasaysa, narx 500 foizga oshishini koʻrsatgan. Bu talab qonunini va uning elastikligini koʻrsatib berdi[5]. 1890-yilda „Iqtisodiyot tamoyillari“da Alfred Marshall talab va taklifni yagona tahliliy asosga keltirdi. Talab egri chizigʻining shakllanishi naflilik nazariyasi bilan taʼminlangan boʻlsa, taklif egri chizigʻi xarajatlar bilan aniqlangan. Talab va taklif egri chizigʻi gʻoyasi bugungi kunda ham bozor muvozanatini rivojlantirish va boshqa turli iqtisodiy nazariya va konsepsiyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

  1. Nicholson, Walter; Snyder, Christopher. Microeconomic Theory: Basic Principles and Extensions, 11, Mason, OH: South-Western, 2012 27,154-bet. ISBN 978-111-1-52553-8. 
  2. 1 2 Marshall Abhishek, Alfred. Elements of economics of industry. London: Macmillan, 1892 77, 79-bet. 
  3. Hayes, Adam „Law of Demand Definition“ (en). Investopedia. Qaraldi: 2021-yil 21-aprel.
  4. Creedy, John (1986). "On the King-Davenant "Law" of Demand1" (en). Scottish Journal of Political Economy 33 (3): 193–212. doi:10.1111/j.1467-9485.1986.tb00826.x. ISSN 1467-9485. https://onlinelibrary.wiley.com/doi/abs/10.1111/j.1467-9485.1986.tb00826.x.
  5. „A Very Brief History of Demand and Supply“. Worthwhile Canadian Initiative. Qaraldi: 2021-yil 21-aprel.
  • Бусыгин В. П., Желободько Е. В., Цыплаков А. А.. Микроэкономика: третий уровень: в 2 томах. Новосибирск: Издательство СО РАН, 2008. ISBN 978-5-7692-0976-5. 
  • Вариан Хэл Р.. Микроэкономика. Промежуточный уровень. Современный подход. Учебник для вузов. ЮНИТИ, 1997. ISBN 5-85173-072-2.